Tayanch maktab nizomi

Xalq ta’limi vazirining 2018 yil
6 yanvardagi 6 – son buyrug‘iga

2-ilova

Aniq, tabiiy, gumanitar va filologiya fanlaridan tayanch maktablar faoliyatini tashkil etish va ularda harakatdagi o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida
NIZOM

         

Mazkur nizom O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hududlarga tashriflari davomida berilgan topshiriqlariga muvofiq Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi ilg‘or tajribali umumiy o‘rta maktablari orasidan aniq, tabiiy, gumanitar va filologiya fanlari bo‘yicha tayanch maktablarnibelgilash va faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda ular orqali umumiy o‘rta ta’lim maktablari tegishli fan o‘qituvchilarining kasbiy mahoratini uzluksiz oshirib borish bo‘yicha doimiy harakatdagi o‘quv mashg‘ulotlarini (bundan buyon matnda o‘quv mashg‘ulotlari deb yuritiladi) o‘tkazish tartibini belgilaydi.

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Har bir tuman(shahar)larda ta’lim-tarbiya uslublarini va vositalarini tanlash imkonini beruvchi zamonaviy moddiy-texnika bazasiga ega, zamonaviy fikrlovchi, tashabbuskor direktor rahbarlik qilayotgan, ijodiy, izlanuvchan, zamonaviy metodlardan foydalanayotgan jamoasi mavjud bo‘lgan ta’lim muassasalari orasidan tayanch maktablar (bundan buyon matnda tayanch maktablar deb yuritiladi) belgilanadi.

2. Tayanch maktablar 4 ta fan yo‘nalishlari bo‘yicha alohida tashkil etiladi: “Aniq fanlar” (matematika, informatika), “Tabiiy fanlar” (fizika, kimyo, biologiya), “Gumanitar fanlar” (tarix, geografiya) va “Filologiya fanlar” (ona tili va adabiyoti, xorijiy tillar).

3. Tayanch maktablar tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari pedagoglarining kasbiy mahoratini uzluksiz oshirib borish bo‘yicha asosiy metodik baza hisoblanadi va ularda doimiy harakatdagi o‘quv mashg‘ulotlar tashkil etish, ilg‘or ish tajribalarni ommalashtirish, fanlardan yangi yaratilgan darsliklar, o‘quv metodik adabiyotlar va ta’lim dasturlarini tajriba-sinovdan o‘tkazish ishlari amalga oshiriladi.

2-bob. Tayanch maktablarining ishini tashkil etish

4. Tayanch maktablardagi o‘quv mashg‘ulotlari jadvali, doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi trener-o‘qituvchilar va ularga tashkiliy-metodik jihatdan rahbarlik qiluvchi fan metodistlari tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlarining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi. Tayanch maktablarda jadval asosida o‘quv mashg‘ulotlarining o‘z vaqtida tashkil etish tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi mudiri zimmasiga yuklatiladi.

5. Tuman(shahar)larning tegishli shart-sharoitidan kelib chiqqan holda tuman(shahar)da har bir fan yo‘nalishi bo‘yicha bittadan, ehtiyojdan kelib chiqqan holda bir nechta tayanch maktablar tashkil etilishi mumkin.

6. Tayanch maktablar faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish maktab direktori tomonidan amalga oshiriladi.

7. Tayanch maktablar qoshida axborotlar, metodik adabiyotlar, multimedia vositalar jamlangan va yakka tartibda metodik yordam olishga mo‘ljallangan metodik o‘quv xonalar tashkil etiladi.

8. Metodik o‘quv xonalarda mavjud bo‘lgan kitoblar, davriy nashrlar, elektron ta’lim vositalaridan o‘qituvchilar va o‘quvchilar belgilangan tartibda bepul foydalanish, bepul maslahatlar va yo‘l-yo‘riqlar olishadi.

9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkentshahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari (bundan buyon matnda Hududiy boshqaruv idoralari deb yuritiladi) hududdagi mavjud oliy ta’lim muassasalari hamda xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlaribilan hamkorlikda har bir tayanch maktabga professor-o‘qituvchilarini jalb etish choralarini ko‘radi.

10. Tayanch maktablariga umumiy tashkiliy-metodik rahbarlik qilish va muvofiqlashtirish Respublika ta’lim markazi, Hududiy boshqaruv idoralari, tuman (shahar)lar xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan amalga oshiriladi.

3-bob. Tayanch maktablarida harakatdagi o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etishning maqsad va vazifalari

11. Tayanch maktablarida tegishli fanlar buyicha harakatdagi o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etishdan maqsad umumiy o‘rta ta’lim maktablari fan o‘qituvchilarining fan nazariyasi va metodikasiga oid bilimlarini oshirish, amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalarini rivojlantirish, o‘quvchilarni mustaqil fikrlashga o‘rgatishga oid metod va usullar bilan tanishtirish, fanlar bo‘yicha yaratilgan metodik qo‘llanmalar, resurslardan o‘quv jarayonida samarali foydalanishlariga yordam berish, o‘qituvchilarni attestatsiyadan o‘tishga tayyorlash, shuningdek ularning doimiy tarzda mustaqil ta’lim olishlarini yo‘lga qo‘yish, fan o‘qituvchilarining kasbiy mahoratini uzluksiz oshirib borish, pirovard natijada ta’lim muassasalarida ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga erishishdan iborat.

12. O‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etishda quyidagi vazifalar belgilanadi:

o‘qituvchilar kasbiy kompetentligini doimiy oshirishga yo‘naltirilgan mamlakatimiz va xorijiy ilg‘or tajribalarni o‘zida mujassam qilgan innovatsion yondashuvlarni o‘rganish va ularni o‘quv mashg‘ulotlari jarayoniga tatbiq qilish;

ta’lim sohasidagi va o‘qitish metodikasidagi yangiliklar, innovatsion texnologiyalar, monitoring natijalari va kasbiy ehtiyojlarni inobatga olgan holda samarali va sifatli o‘quv reja, o‘quv dasturi va o‘quv metodik materiallarni joriy etish;

ilg‘or o‘qituvchilar, meodistlar, boshqa mutaxassislar tajribalaridan samarali foydalanish va amaliyot bilan bog‘lash;

me’yoriy va metodik materiallarni ishlab chiqishda ta’limning uzviyligi va izchilligi ta’minlanishga hamda darsliklardan foydalanishga e’tibor qaratish.

4-bob. Tayanch maktablarida harakatdagi o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish va o‘tkazish

13. O‘quv mashg‘ulotlari tegishli fan yo‘nalishlari bo‘yicha tayanch maktablar negizida, o‘qituvchilar ish joyidan ajralmagan holda tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari tegishli fan metodistlari rahbarligida tashkil etiladi.

14. O‘quv mashg‘ulotlari tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan belgilangan tegishli fan o‘qituvchilarining metodik kunlarida xalq ta’limi bo‘limi mudiri tomonidan tasdiqlangan jadval asosida o‘tkaziladi.

15. Har bir fan bo‘yicha bir oyda ikki marta o‘tkaziladigan o‘quv mashg‘ulotlariga hududdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarini tegishli fan o‘qituvchilarining barchasi jalb etiladi.

16. Tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari maktablarning kompyuter qurilmalari va zaruriy jihozlar bilan ta’minlanganligi hamda ishtirokchilarning kelish-ketish imkoniyatlarini inobatga olgan holda tayanch maktablarni belgilaydi, ulardagi o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etuvchi o‘qituvchilar ro‘yhatini shakllantiradi va har biri 30 nafargacha o‘qituvchilardan iborat guruhlarga taqsimlaydi.

17. O‘quv mashg‘ulotlari jadvali mazkur nizomning 1-ilovasidagi namunaviy jadval bo‘yicha tuzilib, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi mudiri tomonidan tasdiqlanadi hamda ishtirokchilar ro‘yxati bilan birga Hududiy boshqaruv idoralariga taqdim etiladi.

18. Tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlarining fan metodistlari o‘quv mashg‘ulotlarini olib boruvchi o‘qituvchilar bilan o‘tishi rejalashtirilgan o‘quv mashg‘ulotining o‘quv-metodik materiallarini muhokama qiladi va ularga metodik yordam ko‘rsatadi.

19. O‘quv mashg‘ulotlari tayanch maktabning tegishli fan o‘qituvchisi, shuningdek, guruhdagi eng faol va tajribali, malaka oshirib qaytgan o‘qituvchilar tomonidan navbat asosida olib boriladi.

20. O‘quv mashg‘ulotlarining bir kunlik yuklamasi 4-6 soatni tashkil etishi ko‘zda tutiladi.

21. Tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlarining tegishli fan metodistlari o‘quv mashg‘ulotlarini maxsus jihozlangan o‘quv xonalarida innovatsion pedagogik, multimedia va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan faol foydalangan holda o‘tkazilishini ta’minlaydi va o‘quv mashg‘ulotlarini sifatli, uyushqoqlik bilan yuqori saviyada tashkil etilishiga mas’ul hisoblanadi.

5-bob. O‘quv mashg‘ulotlarining o‘quv metodik ta’minoti

22. O‘quv mashg‘ulotlarining o‘quv rejasi va o‘quv dasturi o‘qituvchilar kasbiy faoliyati va shaxsiy sifatlari bo‘yicha o‘tkaziladigan turli monitoring natijalariga, shuningdek, davlat va jamiyatning ta’lim oldiga qo‘yayotgan vazifalari, rahbar, pedagog va mutaxassis xodimlarning takliflari va ehtiyojlariga muvofiq shakllantiriladi.

23. O‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun namunaviy o‘kuv-metodik materiallar (uslubiy ko‘rsatmalar, mustaqil shug‘ullanish uchun topshiriqlar, audio-video resurslar, nazorat, tarqatma va boshqa materiallar), shuningdek, har bir o‘quv mashg‘uloti uchun namunaviy dars ishlanmasi (taqdimoti bilan birga) Respublika ta’lim markazi tomonidan tizimdagi yetakchi mutaxassislarni jalb qilgan holda ishlab chiqiladi.

24. Respublika ta’lim markazi yangilangan o‘quv mashg‘ulotlarining namunaviy o‘quv reja va dasturi, o‘quv-metodik materiallarni Hududiy boshqaruv idoralarining o‘quv mashg‘ulotlari uchun mas’ul xodimiga va A.Avloniy nomidagi xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutiga elektron shaklda yetkazadi.

25. A.Avloniy nomidagi xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti:

Respublika ta’lim markazi tomonidan ishlab chiqilgan o‘quv materiallari asosida masofadan o‘qitish portalida (www.masofa.uz) maxsus o‘quv kursi tashkil etish va undan tegishli tayanch maktablari foydalanishlari uchun sharoit yaratadi;

xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari bilan hamkorlikda joylarda fan o‘qituvchilarning kasbiy ehtiyojlaridan kelib chiqib maqsadli sayyor o‘quv kurslarini tashkil etish choralarini ko‘radi.

26. Hududiy boshqaruv idoralari barcha tayanch maktablarga Respublika ta’lim markazi taqdim etilgan o‘quv mashg‘ulotlarining namunaviy o‘quv reja va dasturi, o‘quv-metodik materiallarni yetkazilishini, maqsadli sayyor o‘quv kurslarini tashkil etish bilan bog‘liq zarur shart-sharoitlarni yaratilishini ta’minlaydilar hamda masofadan o‘qitish portalidan foydalanish holatini nazorat qiladilar.

6-bob. O‘quv mashg‘ulotlari sifatini nazorat qilish va monitoringini olib borish

27. O‘quv mashg‘ulotlarini tashkil qilish va monitoringini olib borish Respublika ta’lim markazi tomonidan muvofiqlashtiriladi. O‘quv mashg‘ulotlarining tashkil qilinishi va sifatini nazorat qilishga Hududiy boshqaruv organlari mas’ul hisoblanadi.

28. O‘tkazilgan o‘quv mashg‘ulotlari va o‘qituvchilar davomati mazkur nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi jurnalda metodist tomonidan qayd etiladi.

29. Multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazi Respublika ta’lim markazi tomonidan tuzilgan nazorat sinov materiallari asosida onlayn test sinovlarini yo‘lga qo‘yadi.

30. Test sinovlari har yili onlayn tarzda ikki marta (may va dekabr) tashkil etiladi.

31. Test sinovlarida tegishli fan o‘qituvchilarining to‘liq ishtirok etishlarini ta’minlash Hududiy boshqaruv idoralari va xalq ta’limi bo‘limlari rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.

32. O‘qituvchilar kasbiy tayyorgarligi 100 ballik tizim bo‘yicha baholanadi va 70 balldan yuqori ko‘rsatkichga erishgan tinglovchilar mazkur kursni tugatgan deb hisoblanadi. Sinov natijalariga ko‘ra o‘qituvchilar reytingi aniqlanadi.

Past natija ko‘rsatgan o‘qituvchilar bilan ishlash yuzasidan tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari tegishli fan metodistlari tomonidan ularni mustaqil bilim olishga yo‘naltirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanadi.

7-bob. Yakuniy qoidalar

33. Mazkur nizomda belgilangan vazifalarning o‘z muddatida va sifatli bajarilishi vazirlik tomonidan nazorat qilinadi.

34. Respublika ta’lim markazi tomonidan zaruriyatdan kelib chiqib, o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish va muddatlarini hamda o‘tkazish joylarini o‘zgartirish mumkin.

35. O‘quv mashg‘ulotlarini samarali va yuqori saviyada olib borgan o‘qituvchilarni moddiy va ma’naviy qo‘llab quvvatlash, ularning o‘quv mashg‘ulotlaridagi faoliyatlari asosida turli tarmoq mukofotlariga tavsiya etish, respublika miqyosida o‘tkaziladigan bayram tadbirlarida ishtirok etish kabi shakllarda rag‘batlantirish hududiy xalq ta’limi boshqaruv idoralari tomonidan amalga oshiriladi.